Телефонлар:
(0372) 432-13-34
(0372) 432-12-88
» » OTALIKNI BELGILASH VA ALIMENT UNDIRISH TARTIBIDAN XABARDORMISIZ?

OTALIKNI BELGILASH VA ALIMENT UNDIRISH TARTIBIDAN XABARDORMISIZ?

09 февраль 2022 йил
8 389
0

Hozirgi kunda qonuniy nikohdan o‘tmasdan er-xotin bo‘lib yashab kelayotganlar ham uchraydi. Bunday vaziyatlarda ushbu nikohdan tug‘ilgan bolalarga ayrim otalar ism-sharifini bermasdan kelayotgani ham bor gap.

Ammo mazkur holatda qonunchiligimizda ayollar va bolalarning huquq va manfaatlari himoya qilingan.

 Aslida qonuniy nikohda bo‘lmagan ota-onadan tug‘ilgan bolaga otalikni belgilash uchun faqat sud yordam beradi. Buning uchun fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga otalikni belgilash to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilishi kerak. Bunday da’volar da’vogar yashaydigan joydagi sudga ham berilishi mumkin.

Misol uchun, da’vogar S. ismli ayol fuqarolik sudiga otalikni belgilash to‘g‘risida javobgar D. ismli shaxsga nisbatan da’vo bilan murojaat qildi. Ma’lum qilinishicha, da’vogar javobgar bilan bir yarim yil avval tanishgan va shu davr ichida ular birga yashagan. Biroq ayolning farzand kutayotganligini bilgach, javobgar butunlay o‘zini olib qocha boshlagan.

Javobgar sudga o‘zining ota bo‘lganligidan shubhalanayotganligini tushuntirib, suddan DNK ekspertizasini tayinlashni iltimos qildi.

Oila kodeksining 62-moddasiga muvofiq qonuniy nikohda bo‘lmagan ota-onadan bola tug‘ilgan taqdirda ikki tomonning birgalikdagi arizasi bilan otalik belgilanadi. Ammo otaning arizasi bo‘lmasa 61-moddada ko‘rsatilgan hollarda sud tartibida otalik belgilanishi mumkin.

Otalikni belgilayotganda sud quyidagi shartlarni e’tiborga oladi:

Birinchidan, bolaning onasi bola tug‘ilishiga qadar javobgar bilan birga yashaganligi va umumiy ro‘zg‘or yuritganligi, ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari yoxud ta’minlab turganliklari.

Javobgarning bolaning onasi bilan birgalikda yashaganligi va umumiy ro‘zg‘or yuritganligi oilaviy munosabatlarga xos bo‘lgan holatlar (homila paydo bo‘lgan vaqtda va bola tug‘ilgunga qadar bitta turar joyda yashash, umumiy byudjet yuritish, birgalikda ovqatlanish, o‘zaro g‘amxo‘rlik, umumiy foydalanish uchun mol-mulk sotib olish va hokazolar) mavjudligi bilan tasdiqlanadi. Bola tug‘ilgunga qadar taraflar o‘rtasida bunday munosabatlarning tugatilishi, otalikni belgilash to‘g‘risidagi da’voni rad etish uchun asos bo‘lib xizmat qilmaydi.

Oliy sud Plenumining "Sudlar tomonidan otalikni belgilashga oid ishlarni ko‘rishda qonunchilikning qo‘llanilishi to‘g‘risida" qaroriga ko‘ra, zarur hollarda bolaning kelib chiqishini (masalan, homila paydo bo‘lish vaqtini, urug‘lantirish qobiliyati bor-yo‘qligini) aniqlash maqsadida sud yuqorida nazarda tutilgan shartlar mavjud bo‘lganda, o‘z tashabbusi yoki taraflarning iltimosnomasi bo‘yicha ish yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi odam DNKsining sud-biologik ekspertizasini tayinlashi mumkin. Ekspertiza xulosalari isbotlash vositalaridan biri hisoblanadi va shu sababli ular sud tomonidan ish bo‘yicha to‘plangan boshqa dalillar majmui bo‘yicha baholanishi lozim.

Ushbu fuqarolik ishi bo‘yicha o‘tkazilgan odam DNKsining sud biologik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, javobgar tug‘ilgan bolaning biologik otasi bo‘lib chiqdi. Ekspertiza natijalari olinganidan keyin javobgar da’voni tan oldi.

O‘z navbatida sud javobgarga nisbatan otalikni belgilash to‘g‘risidagi arizani qanoatlantirish, ya’ni da’vogarning voyaga yetmagan qiziga nisbatan javobgarning otaligini belgilash, shahar (tuman) FHDYO bo‘limiga bolaning tug‘ilishi to‘g‘risidagi dalolatnoma yozuviga zarur o‘zgartirishlar kiritib, tug‘ilish to‘g‘risida tegishli guvohnoma berish va aliment undirish haqida hal qiluv qarori chiqardi.

Ulug’bek SIDDIQOV,

Mirzacho‘l tuman Yuridik markaz

bosh yuriskonsulti

Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар