Телефонлар:
(0372) 432-13-34
(0372) 432-12-88
» » O’rindoshlik asosida ishlaganlik uchun ko’zda tutilgan afzalliklar

O’rindoshlik asosida ishlaganlik uchun ko’zda tutilgan afzalliklar

18 апрель 2022 йил
1 697
0

O‘rindoshlik asosida ishlash bu xodimning asosiy ishidan bo‘sh vaqtida mehnat shartnomasi asosida boshqa haq to‘lanadigan ishni bajarishi tushuniladi.

O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risida nizom qabul qilinganidan keyin O‘rindoshlik bo‘yicha ishlash tartibiga bir qator o‘zgarishlar kiritildi.

Xo‘sh, bu qanday o‘zgarishlar edi? O‘rindoshlarning mehnatiga haq to‘lash tartibi qanday?

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 18 oktyabrdagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan O‘rindoshlik asosida hamda bir necha kasbda va lavozimda ishlash tartibi to‘g‘risidagi nizomning 7-bandiga ko‘ra o‘rindoshlik asosida ishlashda o‘rindoshlik asosida ishlashning davomiyligi xodimlarning ushbu toifasi uchun belgilangan ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lishi mumkin emas. Bu borada sog‘liqni saqlash tizimi, vrach xodimlari bundan mustasno. Xodim asosiy ish joyidagi mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan kunlarda u o‘rindoshlik asosida to‘liq ish kunida ishlashi mumkin.

Agar tashkilotda o‘rindoshlar uchun ish vaqti davomiyligining har kungi yarim normasiga rioya etilishi mumkin bo‘lmagan taqdirda ish vaqtini jamlangan holda hisoblab yuritishga yo‘l qo‘yiladi. Ish vaqti jamlangan holda hisoblab yuritilganda o‘rindoshlik asosida ish vaqtining umumiy davomiyligi hisobga olinadigan davr uchun o‘rindoshlik asosidagi lavozim bo‘yicha ish vaqti normasining yarmidan ortiq bo‘lmasligi kerak. Bunda hisobga olinadigan davr bir oydan ortiq bo‘lmasligi, kunlik ishning (smenaning) davomiyligi esa — o‘n ikki soatdan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Xodim bilan o‘rindoshlik asosida ishlash uchun tuziladigan mehnat shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksida belgilangan talablar bilan birgalikda ish vaqtining davomiyligi majburiy tartibda ko‘rsatiladi.

– Xodim asosiy ish joyida o‘rindosh sifatida ishlashi mumkinmi?

– Ha, bu uchun taqiq yo‘q. O‘rindoshlik asosida ishlashga asosiy ish joyida (ichki o‘rindoshlik) yoxud boshqa tashkilotda (tashqi o‘rindoshlik) ishlashga yo‘l qo‘yiladi. Xodimning asosiy ish joyi hisoblangan tashkilotda o‘rindoshlik asosida ishlashga vaqtincha bo‘lmagan xodimning ishini bajarishda yoki bo‘sh lavozimdagi ishni bajarishda yo‘l qo‘yiladi.

– O‘rindoshlarning mehnatiga haq to‘lash tartibi qanday?

– Mehnat kodeksining 160-moddasiga binoan bir necha kasbda (lavozimda) ishlaganlik, o‘rindoshlik asosida ishlaganlik uchun, xizmat ko‘rsatish doirasi kengayganligi, bajariladigan ishlar hajmi ortganligi uchun xodimlarning mehnat haqi miqdori mehnat shartnomasi taraflari o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.

Tegishli Nizomga ko‘ra o‘rindoshlar mehnatiga haq to‘lash mehnat shartnomasiga muvofiq, mehnatga haq to‘lashning ishbay shaklida, xususan, haqiqatda bajarilgan ish uchun, mehnatga haq to‘lashning vaqtbay shaklida ya’ni ishlangan vaqtga mutanosib tarzda amalga oshiriladi.

O‘rindoshlik asosidagi ish uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori mehnat unumdorligiga yoki mehnat shartnomasida nazarda tutilgan boshqa shartlarga qarab, ishlangan vaqtga proporsional ravishda, qonun hujjatlarida belgilangan Mehnatga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha birinchi razryad tarif koeffitsienti asosida hisoblab chiqilgan miqdordan past bo‘lishi mumkin emas.

– O‘rindoshlarga rag‘batlantirish to‘lovlari beriladimi?

– Agar jamoaviy shartnomada yoxud ish beruvchi tomonidan kasaba uyushma qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishgan holda qabul qilingan boshqa mahalliy hujjatda boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘rindoshlik asosida ishlovchilarga mehnat haqi, mukofot, qo‘shimcha haq, ustama, rag‘batlantirish to‘lovlari shakli va tizimi tashkilotning barcha xodimlari uchun belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

– O‘rindoshlarga mehnat ta’tillari beriladimi?

– Ha, o‘rindoshlik asosida ishlovchi shaxslarga har yilgi asosiy, shuningdek, o‘rindoshlar haqli bo‘lgan qo‘shimcha ta’tillar asosiy ish joyidagi har yilgi mehnat ta’tili bilan bir vaqtda beriladi. Agar o‘rindoshlik asosida ishlashning birinchi ish yilida xodim olti oydan kam ishlagan bo‘lsa, u holda o‘rindoshlik asosidagi ishda ta’til uchun ishlangan vaqtga proporsional haq to‘lanadi.

Birinchi ish yilida olti oy ishlagan o‘rindoshlarning mehnat ta’tiliga, shuningdek ishning keyingi yillari uchun mehnat ta’tiliga o‘rindoshlik asosidagi ishning o‘rtacha ish haqidan kelib chiqqan holda odatdagi tartibda haq to‘lanadi.

– O‘rindoshlarga ham “dekret puli” beriladimi?

– Ha, albatta. O‘rindoshlar o‘rindoshlik asosidagi ish joyi bo‘yicha vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi olish, ayollar esa, bundan tashqari, homiladorlik va tug‘ish nafaqalari olish huquqiga egadir. Sog‘liqni saqlash muassasasi tomonidan berilgan mehnatga layoqatsizlik varaqasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi o‘rindoshlik asosidagi ish joyidan nafaqa olish uchun asos hisoblanadi.

– Xodim tomonidan asosiy ishdan tashqari o‘sha tashkilotning o‘zida shtat lavozimini egallamasdan boshqa ishni bajarishi o‘rindoshlik asosida ishlash hisoblanadimi?

– Yo‘q, xodim tomonidan, asosiy ishdan tashqari, o‘sha tashkilotning o‘zida shtat lavozimini egallamasdan boshqa ishni bajarishi, jumladan, umumta’lim maktablari o‘qituvchilari hamda kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar o‘qituvchilari tomonidan kabinetlarga, laboratoriyalarga mudirlik qilish bo‘yicha vazifalarni bajarish, to‘garaklarga rahbarlik qilish, shuningdek, ular tomonidan belgilangan yuklamadan ortiq o‘quv-tarbiyaviy ishlarni bajarish, Hukumat qarorlari bilan xodimning ish haqiga ustamalar belgilangan vazifalarni bajarish o‘rindoshlik asosida ishlash hisoblanmaydigan ishlar hisoblanadi.

G’allaorol tuman

Yuridik xizmat ko’rsatish markazi J.N.Rabbimov

Муҳокамага қўшилинг
Фикр билдириш
Изоҳлар (0)
Фикр билдириш
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив
Фойдали ҳаволалар