Bugungi kunda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Xalqning huquqiy madaniyati bu huquqqa bo‘lgan oddiygina munosabatni emas, balki huquqiy normalarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishlarini bildiradi. Qonunga, uning normalariga hurmat esa ularning to‘laqonli ishlashi, ular oldida hamma teng bo‘lishini taqozo etadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bu borada inson va fuqarolarning teng huquqli ekanligini kafolatlangan bo‘lsa-da, fuqarolarimiz tomonidan, davlat va davlat boshqaruvi organlari xodimlari tomonidan hali hanuz o‘z huquqlarini to‘g‘ri va to‘liq anglab yetmaganliklari oqibatida mamlakatimizda turli xildagi huquqbuzarliklar sodir etilib kelinmoqda.
Afsuski, bu holatni ham yoshlar, ham yoshi kattalar, ham ayollar, ham erkaklar, davlat tashkilot idoralari xodimlari orasida kuzatishimiz mumkin. Shu maqsadda, demoqchimizki xalqimizning huquqiy ongini rivojlantirish va ularda huquqiy madaniyat ko‘nikmalarini shakllantirish suv va havodek zarur.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, davlat tashkilot idoralarida huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda malakali yuridik kadrlarni tayyorlash borasida sezilarli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda. Buning yorqin namunasi sifatida 2021 yil iyun oyida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarorini keltirishimiz mumkin.
Jamiyatimizda huquqiy bilimlarimizni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy ta’lim va tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borish, bunda oila, mahalla va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining samarali ishtirokini ta’minlash, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishning innovatsion usullaridan, targ‘ibotning ilg‘or va ta’sirchan vositalaridan, xorijiy davlatlarning bu boradagi ijobiy tajribalaridan, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, aholini, ayniqsa, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha mustahkam huquqiy immunitetni shakllantirish muhim sanaladi. Bu ishlarni tizimli amalga oshirishda nafaqat davlat tashkilot idoralari balki, Adliya organlari va yuridik markaz xodimlari tizimli ishlarni tashkil etishlari lozim. Bu borada Qarorda nazarda tutilgan “Yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlar xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish sohasida” tizimli va uzviy ishlar amalga oshirilishi maqsadga muvofiq.
Eng asosiysi, olib borilayotgan ishlarni tizimli va mas’uliyat bilan yondashgan holda amalga oshirish har birimizning asosiy vazifamiz ekanligini unutmasligimiz lozim.