Xodim ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan bo‘shatilganda ishdan bo‘shatish asoslangan bo‘lishi kerak, Yangi Mehnat kodeksida quyidagi sabablar bo‘lsa, ishdan bo‘shatish asosli deb topilishi belgilangan:
-korxona tugatilganligi (ta’sischilar yoki vakolatli organ qarori asosida);
-texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishi, ishlar hajmining qisqarishi oqibatida xodimlar soni yoki shtat o‘zgarganligi;
-xodim malakasi yetarli bo‘lmaganligi uchun egallab turgan lavozimiga yoki bajarayotgan ishiga muvofiq emasligi;
-xodim o‘z mehnat majburiyatlarini muntazam buzganligi;
Mehnat majburiyatini muntazam buzish deganda xodim avval intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan yoki qandaydir boshqa ta’sir chora qo‘llanilgandan keyin 1 yilda yana takroran intizomiy nojo‘ya harakat sodir etishi tushuniladi.
Xodim mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol buzganligi.
Mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol buzish holatlari (masalan, ishga 1 soat kech kelish, spirtli ichimliklar ichib kelish, korxona mulkiga qasddan zarar yetkazish va h.k.) aniq belgilangan bo‘lishi kerak, mazkur holatlar ichki mehnat tartibi qoidalarida, mehnat shartnomasida intizom to‘g‘risidagi ustavlar hamda nizomlarda belgilanadi.
Mehnat kodeksida va boshqa qonunlarda belgilangan boshqa sabablar (asoslar).
Xodim shtat qisqarishi yoki malakasi yetarli bo‘lmagani uchun ishdan bo‘shatilayotganda, ish beruvchi xodimga uning mutaxassisligi va malakasiga muvofiq boshqa ishga o‘tkazishni, bunday ish bo‘lmaganda esa ish beruvchida mavjud bo‘lgan boshqa har qanday ishni taklif etishi shart.
Xodim taklif etilgan ishni rad etsa, ish beruvchida boshqa ish bo‘lmasa, shundan so‘ng xodim ishdan bo‘shatiladi.
Kollej, texnikum, kasb-hunar maktabi bitiruvchilari hamda grantda o‘qigan OTM bitiruvchilari o‘qishni tugatganidan 3 yilda birinchi bor ishga kirganda ularni ish beruvchi tashabbusi bilan 3 yil ichida ishdan bo‘shatish mehnat organlarini xabardor qilish bilan amalga oshiriladi.
N. Mamadaliyev
Mirzacho'l tuman Adliya bo'limi YXKM bosh yuriskonsulti